O‘zbekiston hukumati hosildorligi past yerlardagi paxta maydonlarini qisqartirib, o‘rniga meva-sabzavot, kartoshka va boshqa oziq-ovqat ekinlarini ekish, shuningdek intensiv bog‘larni tashkil qilishda davom etishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi “12news.uz”.
Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan 2015−2019-yillarga mo‘ljallangan respublika qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturida ko‘zda tutilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1991-yildan buyon O‘zbekistonda paxtazorlar ikki marta qisqartirilgan bo‘lib, o‘rniga don, meva-sabzavot ekinlari, kartoshka, uzum, poliz va xashak ekinlari ekilgan. Natijada mustaqillik yillarida don mahsulotlarini ishlab chiqarish 1 million tonnadan kamroqdan 8 million tonnadan ko‘proqqa, oziq-ovqat mahsulotlari 4 million tonnadan 16 million tonnaga oshdi.
Hozirda qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti umumiy hajmida paxtaning ulushi 9 foizni, don mahsulotlari 8,5 foizni, meva-sabzavot mahsulotlari va uzum 30 foizni, kartoshka 11 foizni, chorvachilik mahsulotlari 40 foizdan ko‘proqni tashkil qiladi.
Izoh (0)