Toshkent shahar Chilonzor tuman prokuraturasi tergovchisining ma’lum qilishicha, firibgarlik hunari orqasidan bir necha bor qora kursiga o‘tirgan shaxs ukasini Janubiy Koreyaga yuborishga harakat qilayotgan fuqaro bilan tanishib qoladi. Bu haqda “Huquq” gazetasida xabar berildi.
Fuqaroning hujjatlarni to‘g‘rilashda muammolarga duch kelayotgani haqida noliganidan foydalangan firibgar uning ishonchiga kirib, mehnat migratsiyasi agentligida tanishi borligi, yordam bera olishi, faqat bu yordam “quruq” emasligini aytadi. Fuqaro esa hech ikkilanmay taklifni qabul qiladi va firibgarga 1500 AQSh dollarini tutqazadi.
Shundan so‘ng, fuqaro o‘zining yana ikki tanishini ham Koreyaga jo‘natish maqsadida firibgarga har biri uchun so‘ralgan 4000 AQSh dollaridan jami 8000 AQSh dollarini beradi.
Oradan vaqt o‘tib, Janubiy Koreyaga boradiganlarning ro‘yxati e’lon qilinganida, fuqaro u yerdan ukasining ham, tanishlarining ham ism-familiyasini topa olmaydi. Firibgar bilan bog‘lanib, izoh talab qilganida esa u turli bahonalar bilan tutqich bermaydi.
Aldanganini tushunib, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan fuqaro arizasi asosida tezkor harakatlar olib borilib, firibgar qo‘lga olindi. U jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan qonuniy jazoga tortildi.
Izoh (0)