Rossiya prezidenti Vladimir Putin “RPR-PARNAS” raisdoshi, “Solidarnost” harakati a’zosi Boris Nemsovning Moskvada o‘ldirib ketilishi yuzasidan tergov ishlarini o‘z nazorati ostiga oldi, deb yozadi “Vedomosti” davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskovga tayanib.
“Putin ushbu shafqatsiz qotillik buyurtmaga ko‘ra amalga oshirilganini bildiruvchi barcha belgilar mavjudligi va u provokatsiya xususiyatiga egaligini ta’kidladi”, — dedi matbuot kotibi.
Siyosatchi Boris Nemsovning o‘ldirilishi fakti bo‘yicha Rossiya Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, Boris Nemsov Moskva vaqti bilan 27-fevral 23:15 da (Toshkent vaqti bilan 28-fevral 01:15 da) Moskva markazidagi Moskvoretskiy ko‘prigida otib o‘ldirildi.
Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili so‘zlariga ko‘ra, Nemsov qiz do‘sti bilan ko‘prikdan o‘tayotgan mahal oq rangli mashinadan unga qarata oltita o‘q otilgan. Shulardan to‘rttasi muxolifatchiga kelib tekkan. Qotillik chog‘ida siyosatchining yonida bo‘lgan qiz so‘roq qilinmoqda.
Izoh (0)