“Bunyodkor” FK yangi mavsum oldidan OAV vakillari bilan uchrashuv tashkil etdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
Uchrashuvda klub Birinchi vitse-prezidenti – Bosh direktori Baxtiyor Boboyev va jamoa bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda “Bunyodkor”ning yangi mavsum oldidan o‘z tarkibiga qo‘shib olgan futbolchilari – Artyom Filiposyan, Obid Jo‘raboyev, Shaker Zuagi, Mirzohid G‘ofurov, Otabek Shukurov va Eldor Shomurodov ham qatnashdi.
Baxtiyor Boboyev (“Bunyodkor” FK Birinchi vitse-prezidenti – Bosh direktori): “Avvalo, barchangizni boshlanayotgan yangi mavsum bilan muborakbod etaman. O‘tgan yil jamoamiz uchun omadsiz o‘tdi. “Bunyodkor” o‘ziga yarashmaydigan o‘rinni band etdi.
Bu yil klubimiz tashkil etilganiga 10 yil to‘ladi. Yubileyimizga katta reja ishlab chiqilgan. “Bunyodkor” bu yil ham xuddi avvalgi yillardagi kabi o‘z oldiga yuksak marralarni zabt etish vazifasini qo‘yadi. Tarkibimizga Shaker Zuagi va boshqa bir necha mahalliy, kelajagi porloq o‘yinchilarni taklif etdik. O‘ylaymanki, bu yil yaxshi natijalar qayd etamiz.
Jurnalistlarga doimo eshigimiz ochiq. Bizni maqtab yozishlarinigina emas, balki o‘rinli tanqid qilishlarini ham istaymiz. Ana shunda ko‘zimiz ilg‘amayotgan kamchiliklarimizni bilib olardik. “Bunyodkor” 2015-yilgi mavsum davomida muxlislar kutayotgan darajada o‘yin ko‘rsatishiga ishonaman”.
Sergey Lushan (“Bunyodkor” FK bosh murabbiyi): “Ikkita xorjiy yig‘in o‘tkazdik. BAA va Turkiyada shug‘ullandik. Juda ko‘p o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etdik va jamoani shakllantirishga urindik.
O‘tgan yili jamoani qabul qilib olganimda faqat natija uchun ham o‘ynashimiz mumkin edi. Lekin biz tarkibni yoshartirib, kelajak haqida o‘yladik. Aslida bu qaror klub rahbariyati tomonidan ma’qullangan g‘oya edi. Yoshlar, o‘smirlar terma jamoalarini olib qarang. Barcha yetakchilar bizning tarbiyalanuvchilarimiz. Jamoamizning bugungi kundagi o‘rtacha yoshi 23 ni tashkil etadi. Men jamoamiz kelajagiga ishonaman”.
Shundan so‘ng jamoaning yangi a’zolariga ular to‘p tepadigan raqamlar aks ettirilgan futbolkalar tantanali ravishda topshirildi. Unga ko‘ra, Artyom Filiposyan 16, Obid Jo‘raboyev 15, Shaker Zuagi 7, Mirzohid G‘ofurov 11, Otabek Shukurov 29, Eldor Shomurodov 39-raqamlarda o‘ynashi oydinlashdi.
Tadbir yakunida “Bunyodkor” futbolchilari yangi mavsum oldidan fotosessiyada suratga tushdi.
Izoh (0)