Rossiya harbiy doiralarida Kipr prezidenti Nikos Anastasiadisning mamlakat hududida Moskvaning harbiy havo va dengiz bazalarini joylashtirishga tayyorligi haqidagi bayonoti yaxshi kutib olinmadi, deb xabar bermoqda “Interfaks”.
G‘arb OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘zaro harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi rasmiy shartnomani 25-fevral kuni imzolashi mumkin. OAV taxminlariga ko‘ra, Rossiya harbiy havo kuchlari orol janubi-g‘arbida, Buyuk Britaniyaning “Akrotiri” harbiy havo bazasidan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan Pafos xalqaro aeroporti yaqinidagi “Andreas Papandreu” aviabazasidan foydalanishi mumkin.
Shuningdek, Rossiya harbiy dengiz floti Limasoldagi bazadan doimiy ravishda foydalanishi mumkin. Limasol porti NATO operatsiyalariga xizmat ko‘rsatuvchi muhim elektron kuzatuv terminali hisoblangan “Akrotiri” aviabazasi yaqinida joylashgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Xalqaro harbiy hamkorlik bosh boshqarmasining xalqaro shartnomalar boshqarmasi boshlig‘i Yevgeniy Bujinskiyning fikricha, Moskvaga ayniqsa hozirgi iqtisodiy sharoitlarda Kiprda harbiy bazalar ochish kerak emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, pulga muhtoj bo‘lgan Kipr hozir buning uchun hamma narsaga tayyor. Ingliz harbiy bazasi yaqinidagi bazani berish taklifi unga ayniqsa yoqmagan. Bujinskiyning ta’kidlashicha, Kipr Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida amerikaliklar va yevropaliklarning, birinchi navbatda Buyuk Britaniyaning ta’sir doirasida turadi.
Izoh (0)