2020-yil Tokio shahri (Yaponiya)da o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlari dasturidan Taekvondo (WTF) sport turi ham o‘rin egallaydi. Bunga Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasining boshqaruv kengashi yig‘ilishida qaror qilindi, deb xabar bermoqda “Olamsport.com”.
Shu tariqa, Paralimpiya o‘yinlari dasturidan 22 sport turi o‘rin egallaydigan bo‘ldi. Qayd etilishicha, futbol (7x7) va yelkanli sport turlari dasturdan olib tashlangan.
Yelkanli sport turi dasturga 2000-yil Sidney shahri (Avstraliya)da bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida kiritilgan. Futbol (7x7) bo‘yicha musobaqalar esa 1984-yildan buyon Paralimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin egallab kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasining boshqaruv kengashi yig‘ilishida biroz avval badminton sport turi ham Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgani ma’lum qilingan edi. Bundan tashqari, dasturga baydarka va kanoe hamda triatlon sport turlari ham kiritildi. Ushbu sport turlari bo‘yicha Paralimpiya o‘yinlarining ilk sovrindorlari 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan musobaqalarda aniqlanadi.
Izoh (0)