Rossiya qishloq xo‘jaligi vazirligi Qozog‘iston bilan respublikaga Rossiya mahsulotlari yetkazilishini taqiqlash yoki cheklash bo‘yicha muzokaralar olib borgani yo‘q. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Andrey Volkov “TASS”ga ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.
“Yo‘q, bizda axir Bojxona ittifoqi bor”, — dedi u muxbirning Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida ushbu mavzudagi ehtimoliy muzokaralar haqida bergan savoliga javoban.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya mahsulotlariga taqiq va cheklovlar kiritishni so‘rab, Qozog‘iston hukumatiga Qozog‘iston tadbirkorlari milliy palatasi vakillari murojaat qilgani xabar berilgan edi. Ularning aytishicha, narxlar tushib ketishi natijasida qozog‘istonlik ishlab chiqaruvchilar rossiyaliklar bilan raqobatlasha olmaydi.
Ostona neft mahsulotlari, avtomobillar va ular uchun akkumulyatorlar, qurilish armaturasi, go‘sht, tovuq tuxumi, makaronlar, qandolat mollari, un va sharbatlarga embargo kiritishni talab qilgani xabarda aytilgan edi.
Izoh (0)