O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Tailanddagi “Qirol Kubogi” doirasida O‘zbekiston U-22 va Janubiy Koreya U-22 o‘rtasidagi uchrashuvda yuzaga kelgan holat bo‘yicha fikrlarini bildirdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
Eslatib o‘tamiz, ushbu uchrashuvda O‘zbekiston U-22 futbolchilari Jaloliddin Masharipov va Tohir Shamsiddinov raqibga zarba bergani uchun maydondan chetlatilgan edi.
“O‘sha holatni video orqali ko‘rdim va faqat shu bo‘yicha fikr bildira olaman. Futbolchilarimiz qilgan ishni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Bunday narsalar darhol jazolanishi kerak. Boshqa takrorlanmasligi uchun ham shunday qilish shart.
Futbolchi har qanday holatda ham jamoasiga pand bermasligi kerak. Asosiy tarkibda ishonch bildirilib maydonga tushdingmi, jamoa uchun boringni berishing lozim. Futbolda har qanday holat uchrashi mumkin. Masalan, sobiq ittifoq yoshlar terma jamoasi tarkibida jahon chempionatida Boliviya terma jamoasiga qarshi o‘ynaganimizda raqib futbolchilari maydonga yashirincha igna olib tushib, sanchib, janjal chiqarishga uringan edi.
Ba’zilar so‘kinib, tufurib va boshqa kurakda turmaydigan qiliqlar bilan provokatsiya qiladi. Bunday vaqtda futbolchi o‘zini ushlab turishi shart. Qo‘l ostimdagi o‘yinchilarga har doim shuni aytaman. Hozir o‘g‘lim Mirjamol futbol o‘ynamoqda. Unga ham har doim takrorlayman. Ayniqsa, butun boshli mamlakat terma jamoasi tarkibida maydonga tushganingda egningdagi libos hurmatidan ham o‘zingni bosishing shart. Sen tufayli butun boshli terma jamoa mag‘lubiyatga uchramasligi kerak.
Janubiy Koreyaga qarshi kechgan uchrashuvdagi holat bo‘yicha jazo bo‘lishi shart. Aks holda yana takrorlanishi hech gap emas. Boshqalarga dars bo‘lishi uchun ham jazo berish kerak. Ammo bu bilan futbolchilarni batamom ‘sindirish’ ham yaramaydi. O‘zi shundoq ham ular qanchadir o‘yinga chetlatilishi turgan gap. O‘sha jazo o‘tab bo‘lingandan so‘ng, ular bilan yaxshilab gaplashib olish kerak. Kelajakda lozim bo‘lgan taqdirda ularni terma jamoaga ham chaqirsa bo‘ladi. Ammo hozircha bu qilmishi qanday oqibatga olib kelishini yaxshilab fahmlab olishi uchun ham jazo berish shart”, — dedi Mirjalol Qosimov.
Eslatib o‘tamiz, Mirjalol Qosimov sobiq ittifoq o‘smirlar terma jamoasi safida 1987-yilda jahon chempionatida ishtirok etgan va g‘olib chiqqan edi.
Izoh (0)