Internet, xususan, ijtimoiy tarmoqlar olamida yashayotgan O‘zbekiston san’atkorlari hayotining aksariyat qismida online bo‘lib qolayotganiga izoh berdi. Bu haqda “Sug‘diyona” gazetasi xabar beradi.
Teleboshlovchi va prodyuser Ravshan Hakimov ishi, ijodi va hayoti internet bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ham ijtimoiy tarmoqlarga murojaat etishga majbur ekanligini aytdi. “Deyarli yarim kunim internet bilan o‘tadi. Ijtimoiy tarmoq uzoqni yaqin qiladi”, — dedi teleboshlovchi.
Ravshan Hakimov, shuningdek, ijtimoiy tarmoq qo‘shiq, rasm, matn yoki ovozli xabar jo‘natishda eng tezkor va qulay vosita ekanligini qayd etdi.
“Instagram qulay va tekin reklama manbai bo‘lib qoldi. U yerga ko‘proq o‘zimning suratlarim va ijodiy yangiliklarimni joylashtiraman. Tanqid qilishsa, xafa bo‘lmayman. Chunki har bir inson o‘z fikrini bildirishga haqli”, — dedi Ravshan Hakimov.
U, shu bilan bir vaqtda, san’atga endi kirib kelayotgan yoshlar suratlarini ko‘rsatib, o‘zini reklama qilishi va bunga ularning muhtoj ekanligini qayd etdi. “Biroq mashhurlar ham bu imkoniyatdan bebahra qolishni istamayapti. Tekin reklama kimga ham yoqmaydi?
Instagram qirolichasi deb Munisa Rizayevani ko‘p bora e’lon qilganman. Yana bu tarmoqning malikasi Shahzoda, qiroli esa Shohruxxon deyish mumkin”, — deb qo‘shimcha qildi ijodkor.
Izoh (0)