Surxondaryoda asalarichilik subyektlari soni 6 yil ichida 536 taga yetdi
Surxondaryo viloyatida asalarichilikni rivojlantirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, deb xabar berdi O‘zA.
2008-yili viloyatda 60 asalarichilik subyekti faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2014-yilda ularning soni 536 taga yetgani ham fikrimiz tasdig‘idir. Sog‘lom bola yilida viloyat asalarichilari tomonidan 500 tonnadan ortiq tabiiy, shifobaxsh va arzon asal mahsuloti yetishtirildi.
Viloyat markaziy o‘rmon xo‘jaligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, tarmoqni qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorni arzon, sifatli mahsulot bilan ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor shifobaxsh, to‘yimli tabiiy ne’mat ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirishda yutuqlar omili bo‘lmoqda. O‘tgan yili sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan 268 million so‘m imtiyozli kredit evaziga 4 ming 638 yangi asalari oilasi tashkil etildi. Barcha toifadagi asalarichilik xo‘jaliklarida asalarilar soni 32 ming oilaga yetdi.
Ayni paytda asalarichilik xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini rivojlantirish ham doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Boysun tumanida asalarichilar uchun ish qurollari va boshqa jihozlar ishlab chiqarish o‘zlashtirilayotir. Arilarni qish mavsumidan betalafot olib chiqish, imtiyozli narxlarda ari ozuqasi – shakar yetkazib berish masalalari o‘z vaqtida hal etilmoqda. Bozorlarda asalarichilarning savdo qilishi uchun yetarli sharoit yaratilmoqda. Boysun, Sherobod va boshqa tumanlarda asal bilan savdo qiladigan zamonaviy do‘konlar bunyod etildi. Tajribali mutaxassislardan iborat guruh a’zolari asalarichilik subyektlari faoliyatini o‘rganib, amaliy yordam ko‘rsatayotir. Ular yangi qo‘llanmalar bilan ta’minlanib, seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
– Asalarichilikning o‘ziga xos gashti bor, – deydi Uzun tumanidagi “Sof osiyo asali” xususiy korxonasi rahbari Oybek Sulaymonov. – 160 oila asalarini parvarishlamoqdamiz. O‘tgan yili uch tonnaga yaqin tabiiy asal yetishtirib, arzon narxlarda iste’molchilarga yetkazib berdik. Hozir arilarni qish mavsumidan betalafot olib chiqish harakatidamiz. Shu yildan ishlab chiqariladigan mahsulotimizning bir qismini xorijga eksport qilishni mo‘ljallamoqdamiz. Tog‘ va tog‘oldi hududlarida quyosh nuriga to‘yingan turli gullardan olingan asalning shifobaxshligi va quvvati yuqoriligi mahsulotimiz xaridorgirligini ta’minlayotir.
Shifokorlarning fikricha, asal inson uchun nafaqat tabiiy to‘yimli ozuqa, balki ko‘plab kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan g‘oyat shifobaxsh ne’matdir. Asalni me’yorida iste’mol qilib yurish oshqozon-ichak kasalliklarining oldini oladi, immunitetni oshiradi. Biologik faol moddalarga juda boy bu mahsulot insonning qon bosimini me’yorlashtirish xususiyatiga ham ega. Asalari mumi, yelimi (propolis) va suti ham shifobaxsh mahsulot sifatida zamonaviy tibbiyotda keng qo‘llanilayotir. Farmatsevtikada dori-darmon sifatida ishlab chiqarilayotgan ona ari sutida to‘rt turdagi V, Ye vitamini, aminokislotalar mavjud.
Surxon vohasi ari boqish, ko‘paytirish va mahsulot yetishtirish uchun juda qulay hudud. Ayniqsa, g‘o‘za, yantoq kabi o‘simlik gullari tabiiy glyukozaga boyligi bilan ajralib turadi. Shu bois bunday gullardan olingan asal ko‘pchilikka ma’qul kelmoqda.
– Qish – asalarichilar uchun g‘oyat mas’uliyatli mavsum, – deydi viloyat asalarichilar uyushmasi raisi Xolida Esonova. – Arilarning sovuq kunlarni xotirjam o‘tkazishida kuzda varroatoz kanasiga qarshi kurashish va yetarli miqdorda ozuqa bazasini yaratish muhim ahamiyatga ega. Buni yaxshi bilgan asalarichilarimiz mumkataklarda qishga yetarli asal qoldirishni an’anaga aylantirgan. Arining qishda qanday oziqlanishi mavsumning iliq yoki sovuq kelishi bilan bevosita bog‘liq. Shu bois arilarning qo‘shimcha ozuqa bazasi yaratilayotgani tarmoqni yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida sohani rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor aholini arzon va shifobaxsh mahsulot bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.