O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun, 21-yanvar kuni rejaga asosan belgilangan mashg‘ulotlarni davom ettirdi. Mashg‘ulotlar Melburndagi Lake Side Stadium stadionida kechdi, deb xabar berdi “Uff.uz”.
Futbolchilardan Server Jeparov, Odil Ahmedov va Akmal Shorahmedov individual tarzda shug‘ullandi. Qolgan futbolchilar esa umumiy guruhda mashg‘ulot olib bordi.
Jasur Hasanov va Sardor Rashidov esa alohida ko‘rsatma bo‘yicha harakat qildi: qolgan futbolchilar ularga uzoqdan to‘pni oshirib berdi. Ular esa ikki qanotdan kuchli zarba bilan to‘pni jarima maydonchasiga yo‘lladi.
Lutfulla To‘rayev va Sanjar Tursunov, asosan, o‘zaro to‘p bilan muomala qildi. Murabbiylar shtabining ularga alohida ko‘rsatmalar berganidan ko‘rinib turibdiki, ular ertangi o‘yinda maydonga tushishi mumkin.
Mashg‘ulot o‘tayotgan stadionda xorijiy muxbirlar deyarli ko‘rinmadi. Mashg‘ulotlarni, asosan, O‘zbekistondan kelgan jurnalistlar kuzatib bordi. Shuningdek, musobaqa tashkilotchilari ham shu yerda bo‘ldi.
Mashg‘ulotlarni kuzatish jarayonida Temur Kapadzening harakatlari e’tiborni tortdi: u juda faol harakat qildi. Maydonni sog‘ingani sezilib turdi. Ayniqsa, uning zarbalari va uzatmalari kuchli va aniq chiqdi.
Shuningdek, futbolchilar jarima maydonchasi yonida jarima zarbalarini ijro etishni mashq qildi. Bundan tashqari, qanotlardan uzatib berilgan to‘plarni bosh bilan darvozaga yo‘llash mashqi ham sayqallandi.
Maydonda Shavkat Mullajonov, Aziz Haydarov va Vitaliy Denisov ham individual tarzda shug‘ullandi. Ular, asosan, paylarni chiniqtirish mashqlarini o‘tadi.
Futbolchilarning kayfiyatlari a’lo darajada. Mirjalol Qosimov, Shuhrat Maqsudov va Baxtiyor Ashurmatov har bir futbolchi bilan individual tarzda suhbatlashib chiqdi va ularga topshiriqlarni berdi. Mashg‘ulotlar ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Izoh (0)