Toshkent shahridagi O‘zbek liboslari galereyasida Hand made in Uzbekistan deb nomlangan milliy san’at festivali bo‘lib o‘tdi. Art Life Media mas’uliyati cheklangan jamiyati tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur festivalda 150 dan ortiq hunarmand ishtirok etdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Mazkur san’at festivalini o‘tkazishdan asosiy maqsad milliy hunarmandlik an’analarini asrab-avaylash, ularni davom ettirish, kelajak avlodlarga yetkazish, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, faoliyatini rivojlantirish, qadriyatlar bardavomligini ta’minlashdan iboratdir.
Festivalda naqqoshlik, kulolchilik, zargarlik, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi va metall buyumlar, milliy matolar, kashta, popop kabi hunarmandlik mahsulotlari namoyishi yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
“O‘zbekistonda birinchi bor bo‘lishim, — dedi janubiy koreyalik Choy Min Heye. — Qadimiy shaharlar, o‘ziga xos me’morlik an’analari, ranglar uyg‘unligi va uslubiga ega tarixiy obidalar meni o‘ziga rom etdi. Bugun esa xalq amaliy san’ati namunalari, hunarmandlik buyumlarini ko‘rib hayratlanmoqdaman. Xalqingizning boy tarixi, yuksak madaniyati aks etgan noyob qadriyatlari bilan tanishganimdan mamnunman”.
Ikki kun davom etgan festivalda milliy xalq o‘yinlari, folklor jamoalarining chiqishlari, qo‘g‘irchoqsoz ustalarning ijodiy namoyishlari hamda hunarmandlik mahsulotlarining ko‘rgazma-savdosi ham tashkil etildi.
Izoh (0)