Janubiy Koreya nashri Ignatiy Nesterovni 1-tur qahramonlaridan deb e’tirof etdi
Janubiy Koreyaning Osiyo Kubogini yoritib borayotgan nashrlaridan biri The Fact turnirning birinchi tur qahramonlari sifatida 3 nafar darvozabonni e’tirof etdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Koreys internet nashri O‘zbekiston terma jamoasi darvozaboni Ignatiy Nesterov haqida fikr yuritadi. Qizig‘i shundaki, Ignatiy Nesterovni Bolgariyaning “Lokomotiv” klubi a’zosi deya keltirgan:
“O‘zbekiston — KXDR o‘yini qahramonlaridan biri, shubhasiz, O‘zbekiston darvozaboni Ignatiy Nesterovdir. Bolgariyaning mashhur ‘Lokomotiv’ klubi a’zosi, 31 yoshli Nesterov 90 daqiqa davomida darvozani qo‘riqladi. Ayniqsa, so‘nggi soniyalarda Pak Kvang Ryong (‘Bazel’, Shveysariya, 22 yosh)ning bosh bilan bergan zarbasini qaytarishga erishdi. Tez fikrlash va jamoadoshlarini boshqara olish ham Nesterovga xos ajoyib xususiyat”.
Bundan tashqari, nashrda Janubiy Koreya hamda Xitoy terma jamoalari darvozabonlari ham 1-tur qahramonlari sifatida tilga olingan.