Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining bir guruh harbiy xizmatchilari uchun 30 xonadonga mo‘ljallangan uch qavatli zamonaviy yangi uy foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faol yoshlar va nuroniylar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 23 yilligi va Vatan himoyachilari kuni arafasida Termiz shahrida foydalanishga topshirilgan 30 xonadonga mo‘ljallangan yangi uyda barcha sharoitlar yaratilgan. Xonalar keng, yorug‘, shinam. Oshxona va boshqa qo‘shimcha xonalar zamonaviy usulda jihozlangan. Harbiylarning farzandlari uchun zamonaviy o‘yin maydonchasi, ochiq suv havzasi barpo etilgan. Zamonaviy uy “Saodatbonu — Aziza — Termiz” xususiy korxonasi quruvchilari tomonidan belgilangan muddatda bunyod etildi. Buning uchun uch milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.
Tadbirda yangi uyning kaliti topshirilgan chegarachilarning farzandlariga bayram sovg‘alari ulashildi.
Eslatib o‘tamiz, 2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiylar oilasi uchun 436 xonadonga mo‘ljallangan yangi uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirilgan edi.
Izoh (0)