Toshkentda harakatlanishni boshlashi kutilayotgan O‘zbekistondagi ilk sayyohlik dabldekerlari barcha mavsumlar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Bu haqda Aznur Travel kompaniyasi bosh direktori Ulug‘bek Nurmatov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avtobusning ikkinchi qavatida yopiq qism ham bo‘lib, u yerdagi harorat qishda issiq, yozda salqin bo‘ladi. Ochiq qismida esa qor, yomg‘ir va oftobdan himoya uchun maxsus qoplama ham saqlanadi.
“Maqsadimiz − Toshkentga tashrif buyuradigan sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini Parij, London, Madrid, Barselona kabi shaharlar darajasiga chiqarish. Avtobuslarni yo‘lga qo‘yishga deyarli hamma narsa tayyor. Faqatgina audioturning yakuniy variantini sakkiz tilda − ingliz, nemis, ispan, fransuz, yapon, xitoy va albatta o‘zbek hamda rus tillarida yozish qolgan”, − dedi Nurmatov.
Qayd etilishicha, avtobus sayohati narxlari xorijlik turistlar va O‘zbekiston aholisiga mos ravishda ishlab chiqilgan. Bolalar uchun alohida tarif joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Avtobuslarga Wi-Fi ham o‘rnatiladi. Eng asosiysi − chipta 24 soat davomida amal qiladi. Istalgan bekatda tushib, tegishli obidani tomosha qilib, yana avtobusda sayohatni davom ettirish mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentga Shanxaydan olib keltirilgan ikkita ikki qavatli qizil rangdagi sayyohlik avtobuslariga kelasi yilning mart−aprel oylarida yana ikkita shunday avtobus qo‘shilishi, umumiy hisobda esa ular 15 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)