Guliston shahrida Sirdaryo viloyat onkologiya dispanserining yangi binosini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Turkiston-Press” nodavlat axborot agentligi.
Mazkur onkologiya dispanserida juda katta hajmdagi qurilish ishlari “Bek qurilish” firmasi bunyodkorlari tomonidan amalga oshirildi.
“O‘tgan yili binoning birinchi qismi qurib bitkazildi. Insonning qo‘li gul. Mana, yil yakunlanmay, yangi dispanser foydalanishga topshirilmoqda. Bu ishga bosh-qosh bo‘lgan, quruvchilarni qo‘llab-quvvatlagan viloyat hokimligiga minnatdorlik bildiramiz. Yaqinda Jizzax viloyatida xuddi shunday shifoxona ishga tushirildi. Tez kunda Navoiy viloyatida ham onkologiya dispanseri foydalanishga topshiriladi”, — dedi tadbirda so‘z olgan Respublika onkologiya ilmiy markazi direktori, professor S. Navro‘zov.
Guliston shahrida barpo etilgan 60 o‘ringa mo‘ljallangan dispanser to‘rtta bo‘lim — poliklinika, kimyo-radiologiya, jarrohlik va reanimatsiya bo‘limlaridan iborat. Xonalar zamonaviy asbob-uskunalar, zarur mebellar bilan jihozlangan.
Abdunazar Umirov rahbarligidagi dispanser jamoasida 15 nafar shifokor, 50 nafardan ziyod hamshira, 40 nafar kichik tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, dispanserda yangi fitobar ishga tushirildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi O. Ashurmatov ishtirok etdi.
Izoh (0)