O‘tgan haftada Toshkent shahri IIB tomonidan shahar hududidagi “Chilonzor buyum bozori” va “O‘rikzor” bozorlariga xaridor sifatida kelganlarning o‘g‘rilik sodir etish hodisasi qayd etildi. Bu haqda “Ogoh” gazetasiga asoslanib “Kun.uz” xabar berdi.
1987-yilda Samarqandda tug‘ilgan shaxs Toshkentga ishlash maqsadida kelgan edi. Ammo bozorlarni aylanib yurib, unda oson pul topish fikri tug‘ilib qoladi. Shu tariqa “Abu Saxiy” rastalari bo‘ylab, xaridor qiyofasida kezgan ushbu shaxs do‘konlardan biriga yetganida, qulay imkoniyatga duch keladi. Egasi qo‘shni do‘konlardan biriga kirib ketishini poylab turgan jinoyatchi, qarovsiz qolgan do‘kondan 1 mln so‘mlik 20 dona erkaklar jemferini olib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
Yana bir shunga o‘xshash hodisa esa, “O‘rikzor” bozorida sodir etilgan. 1961-yilda tug‘ilgan toshkentlik ayol “O‘rikzor” kiyim bozorida sotuvchilarni chalg‘itib, buyumlarni o‘g‘irlashni o‘ziga odat qilib olgani ma’lum bo‘ldi.
Ayni paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan har ikki fuqaro jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Izoh (0)