Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida zamonaviy bolalar sporti majmuasi foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan mazkur majmuada Nukusdagi “Ispaq qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari 2 milliard 240 million so‘mlikdan ziyod bunyodkorlik ishlarini bajardi.
“Ayni paytda bu yerda bolalar sportning besh turi bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyati mavjud, — dedi sport majmuasi rahbari Mubarek Aytimov. — Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlangan majmuada ‘Umid nihollari’ musobaqasiga kiritilgan barcha sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boriladi”.
Tumanda 23 sport zali, 96 sport maydonchasi yoshlarning jismonan va ma’nan sog‘lom voyaga yetishi uchun xizmat qilmoqda. Ikkita bolalar va o‘smirlar sport maktabi, umumta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlarida sportning 8 turi bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklarda 1 ming 500 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
Izoh (0)