Namangan viloyati Norin tumani Katta O‘lmas qishlog‘ida madaniyat va aholi dam olish markazi foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Viloyat va tuman hokimliklari vakillari, keng jamoatchilik, mehnat faxriylari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan markazning ochilishida Prezident rahnamoligida aholining dam olishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-iyundagi ‘2013—2018-yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi qarori ijrosi doirasida 84 madaniyat va aholi dam olish markazini tashkil etish rejalashtirilgan, — dedi Namangan viloyati madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Nizomboyev. — O‘tgan yili Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida uchta shunday markaz foydalanishga topshirildi. Ayni paytda ular aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, madaniy hordiq chiqarishi, xalq ijodiyoti, badiiy havaskorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda”.
Tuman aholisining ijtimoiy-madaniy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning maroqli dam olishini tashkil etish, yosh avlodni milliy va jahon san’atining nodir namunlaridan bahramand etishga xizmat qiluvchi mazkur markazni barpo etish uchun 362 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. 150 o‘rinli konsert zaliga ega markazning sozandalik va xonandalik to‘garaklari 42 million so‘mlik jihoz va asboblar bilan ta’minlandi.
Yosh ijrochilar, taniqli san’atkorlar va badiiy havaskorlik jamoalarining konsert dasturi tadbirga yanada xush kayfiyat bag‘ishladi.
Izoh (0)