O‘zbekistonga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Ijroiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Vladimir Garkun boshchiligida MDH Ijroiya qo‘mitasi missiyasining uzoq muddatli kuzatuvchilar guruhi tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda 2014-yilgi saylovlarni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan MDH Ijroiya qo‘mitasining kuzatuvchilar missiyasi parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish jarayoni bo‘yicha kuzatuvni amalga oshiradi.
Markaziy saylov komissiyasida missiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, saylovga oid qonunlar hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturiga muvofiq ochiq va oshkora o‘tkazilayotgan 2014-yilgi saylov kampaniyasining o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirdi.
MDH Ijroiya qo‘mitasi kuzatuvchilar missiyasining uzoq muddatli guruhi a’zolari, shuningdek, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng sharoitlar yaratilgani haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida missiyaning shtabi ish boshlaydi va kuzatuvlarni tashkil etish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni o‘tkazadi. Missiya shtabi saylov jarayoni borishi haqida materiallarni yig‘ish, ishlash va tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va televizion dasturlar hamda bosma OAVda chiqayotgan yangiliklarni monitoring qilish, siyosiy partiyalar saylovoldi shtablari rahbariyati, deputatlikka nomzodlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, kuzatuvchilarni hududlarga yuborish va ularning ish tartibini belgilash kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Vladimir Garkun jurnalistlarga intervyu berar ekan, MDH Ijroiya qo‘mitasi kuzatuvchilar missiyasi faoliyatining asosiy prinsipi xolislik ekanini ta’kidladi. MDH Ijroiya qo‘mitasi missiyasining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi, Hamdo‘stlik doirasida qabul qilingan hujjatlarga qat’iy amal qilgan holda saylovlarni kuzatish bo‘yicha xalqaro tajriba asosida olib boriladi.
MDH Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Yevgeniya Sloboda fikriga ko‘ra, “O‘zbekistonda demokratik saylovlarni o‘tkazish uchun juda ko‘p ish qilingan. MDH Ijroiya qo‘mitasining kuzatuvchilar missiyasi oldingi parlament saylovlarida ham qatnashgan. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligi ancha rivojlanib, eng yuqori demokratik talablarga to‘liq javob beradi. Fuqarolarning o‘z xohish-irodasini bildirish erkinligini ta’minlash kafolatlari kuchaytirilgan”.
Tadbir yakunida mehmonlarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda qatnashish huquqini beradigan tegishli namunadagi mandatlar topshirildi.
Yaqin kunlarda O‘zbekistonga yana uchta xalqaro tashkilot – Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasidan xalqaro kuzatuvchilar kelishi kutilmoqda. Shuningdek, Osiyo, Yevropa, MDH, Afrika va Amerikaning 40 ga yaqin mamlakati vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashish istagini bildirdi. Ular orasida milliy parlament hamda saylov organlari rahbarlari va a’zolari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, olimlar va siyosatchilar bor.
Izoh (0)