2015-yilning 9-yanvarida Osiyo kubogi turniriga start beriladi. Mazkur turnirning bosh sovrini Osiyo bo‘ylab sayohatini yakunlab, nihoyat “yashil qit’a”ga yetib keldi. Ayni damda kubok Sidney sohillaridan birida, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo kubogi qit’a bo‘ylab o‘zining sayohatini sentabr oyida Xitoydan boshlagan edi. Shundan so‘ng Qatar, BAA, Janubiy Koreya va Yaponiyada bo‘lib, bugun tongda Sidneyga yetib keldi.
Endi sovrin shu haftadan musobaqa uchrashuvlari qabul qiladigan besh shahar – Sidney, Nyukasl, Melburn, Kanberra va Brisben bo‘ylab yangi sayohatini boshlaydi.
Turnir jami 32 uchrashuvdan iborat bo‘lib, 9−31-yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda Osiyoning eng sara 16 terma jamoasi g‘oliblik uchun bahs olib boradi. Ilk uchrashuv 9-yanvar kuni Melburnda “A” guruhi vakillari mezbon Avstraliya va Quvayt terma jamoalari o‘rtasidagi bahs bilan boshlanadi.
Kubokning mezbon shaharlar bo‘ylab sayohati davomida futbolchilar, muxlislar uni yaqindan ko‘rishlari va u bilan suratga tushishlari mumkin. Bundan tashqari kubokni tanishtirishda tashkil qilinadigan turli o‘yinlarda ham qatnashish imkoniyatiga ega.
Kubok mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan tungi 00:00 gacha quyidagi shaharlarda omma e’tiborida bo‘ladi:
4-dekabr: Centenary Square (oldingi Church St Mall), Parramatta
6-dekabr: Wheeler Place (Uiler mayloni), Nyukasl
8-dekabr: Federation Square (Federatsiya maydoni), Melburn
10-dekabr: Canberra Centre (Kanberra markazi), Kanberra
12-dekabr: Queen St Mall, Brisben
Eslatib o‘tamiz, mazkur turnirda O‘zbekiston terma jamoasi “B” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, ilk bahsni Shimoliy Koreya termasiga qarshi (10-yanvar) o‘tkazsa, 2-turda Xitoy (14-yanvar) va so‘nggi turda Saudiya Arabistoni (18-yanvar) termalari bilan kuch sinashadi.
Izoh (0)