Toshkent markazida joylashgan O‘zbekiston Xalq shoirasi Zulfiyaning haykali o‘zgartirildi, deb xabar bermoqda “Anons.uz”.
Zulfiya xotirasiga bag‘ishlab 2008-yil 1-martda ochilgan haykal o‘tgan shanba, 22-noyabr kuni olib tashlanib, o‘rniga shoiraning boshqa haykali o‘rnatildi. Monument etagiga gullar qo‘yildi.
Nashrda qayd etilishicha, avvalroq Facebook’dagi “Obshchestvenniy kontrol” (“Jamoatchilik nazorati”) guruhida Zulfiya haykalining ustki ranglari o‘chib, achinarli holatga tushib qolgani masalasi ko‘tarilgan. Shundan so‘ng, Uz24 tahririyati mazkur haykalning qachon o‘zgartirilishi yoki rekonstruksiya qilinishini so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligiga murojaat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31-oktabr, juma kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qaror O‘zbekistonda shoirani xotirlab bir qator madaniy tadbirlar o‘tkazishni ko‘zda tutadi.
Izoh (0)