Toshkentda 2015-yil kuzidan chiqindilarni saralash bo‘yicha loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi boshlanadi. Bu haqda “Maxsustrans”ga asoslangan “Podrobno.uz”ga tayanib, “Kun” xabar bermoqda.
“Maxsustrans”dan ma’lum qilinishicha, loyihani amaliyotga tatbiq etish uchun 70 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu mablag‘ga, jumladan, ko‘k, oq, sariq, qora rangli va maxsus konteynerlarni sotib olish rejalashtirilgan.
Xabar berishlaricha, chiqindilarni saralash bo‘yicha loyiha doirasida sotib olinib, joylarga o‘rnatiladigan ko‘k konteynerlar plastmassa chiqindilari uchun, oq konteynerlar qog‘oz chiqindilar uchun, sariq konteynerlar oziq-ovqat chiqindilari uchun, qora koneyterlar esa boshqa turdagi chiqindilar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Maxsus konteynerlar esa tarkibida simob bo‘lgan chiqindilar uchun ajratiladi.
Saralangan chiqindilarni tashish uchun “Maxsustrans” yana 200 ta maxsus mashina sotib oladi, bu mashinalar ham chiqindi turiga mos ravishda alohida-alohida ranglarda bo‘ladi. Bundan tashqari, avtomobillar GPS tizimi bilan ta’minlanadi, “Maxsustrans” esa shu loyiha doirasida 15 mingta turli kompyuter texnikasini sotib oladi.
Qayd etilishicha, “Maxsustrans” vakillari bir muddat avval Buyuk Britaniyada bo‘lib, Londonda 1998-yildan beri amalda bo‘lgan loyihani o‘rganib, tajriba orttirib qaytgan.
Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda 370 ta maxsus texnikaga ega bo‘lgan “Maxsustrans”ning Toshkent shahar boshqarmasi kuniga 2,2 ming tonna chiqindini shahardan olib chiqmoqda.
Izoh (0)