Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi OTMK sport majmuasida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida mamlakat chempionati davom etmoqda. 150 nafar charm qo‘lqop ustasi bir hafta davomida 10 ta vazn toifasida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazyapti, deb xabar beradi “Olamsport”.
Musobaqaning birinchi kuni mamlakat chempionatining tantanali ochilish marosimi o‘tkazilib, unda joriy yilning 1—8-sentabr kunlari Xalqaro boks akademiyasida (Olma-ota viloyati, Talgar tumani) AIBAning APB va WSB dasturlari bo‘yicha birinchi sertifikat beruvchi seminarda qatnashib qaytgan hakamlar, murabbiylar va supervayzerlar e’tibordan chetda qolmadi.
Ularga esdalik sovg‘alari topshirilib, musobaqalarda faqat va faqat odilona boshqarish aytib o‘tildi. O‘z navbatida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mars Qo‘chqorov so‘z olib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
Shundan keyin 64 kg vazn toifasidagi ishtirokchilar o‘rtasida saralash janglariga start berildi. Unga ko‘ra, 12 ta juftlikda jang o‘tkazilib, 24 nafar charm qo‘lqop ustasidan 12 nafari keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Bugungi, 26-noyabrdagi janglarni 56 kg og‘irlikdagi ishtirokchilar boshlab berdi. Birinchilardan bo‘lib, farg‘onalik sportchilar Saidbek Azimjonov hamda Ubaydullo Turdaliyev ringga ko‘tarildi. Shuningdek, bugungi dasturda 60, 69, 75, 81, 91 kg og‘irlikdagi jami 27 ta juftlikda 54 nafar ishtirokchi saralash janglarini o‘tkazishi kutilmoqda.
Izoh (0)