Nurobod tumani “Xalqobod” mahalla fuqarolar yig‘inida Samarqand viloyati hokimi Z. Mirzayevning navbatdagi ko‘chma qabuli uyushtirildi, deb xabar bermoqda hokimlik rasmiy veb-sayti.
Tuman aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat hokimi fuqarolarning yigirmadan ortiq murojaatlarini tingladi, ularni qiynayotgan muammolarning yechimi bo‘yicha tegishli korxona va tashkilotlar mutasaddilariga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Nurobod tumani aholisi ancha yillardan buyon arxiv ishlari bilan bog‘liq masalalarda Pastdarg‘om tumaniga qatnab, sarson bo‘lardi. Qabul davomida nurobodliklarning ushbu muammosi yechiladigan bo‘ldi. Viloyat hokimi Nurobod shahrida Pastdarg‘om tuman arxivi filialini tashkil qilish, shtatlar masalasini hal etish, bino bilan ta’minlashni viloyat arxiv boshqarmasi va tuman hokimiga vazifa qilib berdi.
Shuningdek, muloqot davomida tumanning Qilichli mahallasidagi maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatini qayta tiklash, 8-umumta’lim maktabida sport zali qurish, Nurbuloq, Ag‘ron, Kechkeldik, Jom mahallalari aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlash, “Samarqand” kinoteatri faoliyatini yaxshilash kabi murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Qabul so‘ngida viloyat hokimi joylardagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda jamoatchilik nazoratining ahamiyati kattaligini ta’kidlab, aholi turmush farovonligining yanada yuksalishiga xizmat qiluvchi omillar albatta topilishiga to‘xtaldi.
Izoh (0)