Internetda “Fili” modulining Churyumov-Gerasimenko kometasi yuzasiga qo‘nishi vaqtida ajralib chiqqan tovush yozuvi paydo bo‘ldi. Bu haqda Germaniya aviatsiya va kosmonavtika markaziga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Tovush modul qo‘nayotganida kometa tashqi xususiyatlarini o‘lchovchi maxsus asbob bilan yozib olindi.
Audioyozuv qisqa bo‘lishiga qaramay, unga katta qiziqish bildirilmoqda, chunki u kometa tarkibini aniqlashda qo‘l kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Yevropaning “Rozetta” nomli zondi (atmosferaning yuqori qatlamlarini tekshirish uchun mo‘ljallangan apparat)ning tushiriladigan moduli — “Fili” 12-noyabrda Churyumov-Gerasimenko kometasiga qo‘ndi. Tarkibida “Fili” moduli bo‘lgan “Rozetta” apparati fazoga 2004-yil mart oyida Fransuz Gvianasida joylashgan Kuru kosmodromidan uchirilgan edi.
“Fili” kometa tuprog‘idan namunalar olish uchun maxsus qurilma, spektrometr, fotokamera va zarralarni tahlil qiluvchi uskunalar bilan ta’minlangan. Mazkur jihozlar 4,5 milliard yil avval paydo bo‘lganidan beri o‘zgarmay kelayotgan kometani o‘rganishga yordam beradi. Mutaxassislar mazkur noyob missiyaga “fazoviy arxeologiya” deb nom berdi.
Izoh (0)