O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Respublika futbol federatsiyasi rahbari, senator Mirabror Usmanov boshchiligidagi bir guruh mutaxassislar Andijon hamda Farg‘ona viloyatlarida bo‘lib, bu yerda sport sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Andijon viloyati hokimligida yig‘ilish bo‘lib o‘tib, uni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ochib berdi.
Yig‘ilishda Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasining Andijon viloyati bo‘yicha vakili Abdulla Ziaidov, viloyatda faoliyat olib borayotgan murabbiy va sportchilar so‘zga chiqib, Andijonda zamonaviy sport saroylarini qad rostlashi natijasida iqtidorli yoshlar safini kengaytirish uchun barcha sharoitlar yaratilganligi, murabbiylar malakasini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar xususida atroflicha ma’lumot berdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi, Respublika futbol federatsiyasi rahbari, senator Mirabror Usmanov ham so‘zga chiqib, viloyatda ko‘pgina sohalarda bo‘lgani kabi sportni yanada taraqqiy ettirish, eng avvalo, ertaning egalarini har tomonlama sog‘lom qilib voyaga yetkazish borasida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari yig‘ilganlar e’tiborini viloyatda millionlar o‘yini hisoblangan futbolni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga qaratdi.
“Kuni kecha O‘zbekiston PFL tomonidan 2015-yilgi mavsumda oliy ligada 16 jamoa to‘p surishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shu tariqa, ‘Andijon’ jamoasi ham kelasi yilgi mavsumni oliy ligada boshlashi ma’lum bo‘ldi”, — dedi M. Usmanov.
Mirabror Usmanov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Andijon viloyatiga uyushtirilgan safar davomida Bo‘ston dahasida joylashgan “Andijon” klubi futbol maktabiga tashrif buyurdi. Bu yerda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari futbol maktabi direktori Muhammadqosim To‘xtasinov bilan suhbatlashib, maktabda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
MOQ rahbari, shuningdek, Andijon shahri markazida barpo etilayotgan qilichbozlik markazida ham bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Kunning ikkinchi yarmida Mirabror Usmanov boshchiligidagi delegatsiya Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.
Izoh (0)