Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz”da Sport World Uzbekistan — 2014 va “Bolalik dunyosi — 2014” xalqaro ko‘rgazmalari ish boshladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Ko‘rgazmalar “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmui tomonidan tashkil etildi.
“Bolalik dunyosi — 2014” ko‘rgazmasida bolalar va o‘smirlar uchun turli tovarlar — bolalar adabiyoti, o‘yinchoqlar, aqlni charxlaydigan o‘yinlar, sanitariya-gigiyena vositalari, kiyim va poyabzal mahsulotlari omma e’tiboriga havola qilingan.
Ko‘rgazmaning yirik bo‘limlaridan biri — “Bolalar adabiyoti” bo‘limida “O‘zbekiston”, “O‘qituvchi”, G‘afur G‘ulom nomidagi, Cho‘lpon nomidagi nashriyotlarda chop etilgan keng turdagi bolalar, o‘quv va uquv-uslubiy adabiyotlar namoyish etilmoqda.
“Original Lyuks Servis” va “Garant mebel” kompaniyalari keng turdagi bolalar mebellarini taqdim etmoqda. Bolalar o‘yinchoqlari va aqlni charxlaydigan o‘yinlar ishlab chiqaradigan Toys-Plast, “Avranazeb” va Optima Best Plast mas’uliyati cheklangan jamiyatlari stendi katta yoshlilarni ham bee’tibor qoldirmayapti.
Uztex qo‘shma korxonasi va Tailor Impex MChJ, shuningdek, “O‘zbekyengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi qator korxonalar bolalar uchun mo‘ljallangan keng turdagi kiyimlarni namoyish etmoqda.
Shuningdek, shu kunlarda “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmui tomonidan tashkil etilgan Sport World Uzbekistan — 2014 xalqaro ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tmoqda.
Izoh (0)