Janubiy Amerikada joylashgan Chilida jinoyatchilar ichida 4 million dollardan ortiq pul bo‘lgan inkassator mashinasini olib qochdi. Bu haqda mahalliy hukumat organlariga asoslanib “TASS” xabar berdi.
Oldindan rejalashtirilgan jinoyat poytaxt Santyago markazida, La Moneda prezident qarorgohidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda amalga oshirilgan. Bosqinchilardan biri firibgarlik bilan yuk mashinasi kabinasiga xavfsizlik xizmati vakili sifatida kirib olgan. So‘ngra haydovchiga uning oila a’zolari rasmini ko‘rsatib, agar aytgan shartlari bajarilmasa, ularga zarar yetkazish istagida ekanini aytgan. Jinoyatchi haydovchiga mashinani metallni qayta ishlash korxonasiga olib borishni buyurgan. Manzilga yetib kelgach, o‘g‘ri hamda uning sheriklari mashinani payvandlash uskunasi bilan ochib, ichidagi barcha pullarni olib qochgan.
Chili poytaxtidagi bu jinoyat kun davomida sodir etilgan ikkinchi o‘g‘rilik bo‘ldi. O‘sha kunning o‘zida yetti nafar jinoyatchi boshqa bir inkassator mashinasiga hujum qilib, 900 ming dollar o‘g‘irlagan.
Izoh (0)