Portugaliya poytaxti Lissabon shahrida bo‘lib o‘tgan “Vera – 2014” xalqaro tasviriy san’at ko‘rgazmasida Buxoro viloyatining G‘ijduvon kulolchilik maktabi vakili Alisher Narzullayev bosh mukofot — Gran-priga sazovor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Sakkizinchi bor o‘tkazilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston, Germaniya, Fransiya, Chexiya, Isroil, Ozarbayjon, Rossiya, Eron va boshqa davlatlardan 100 ga yaqin hunarmand amaliy bezak san’ati, rangtasvir, haykaltaroshlik va arxitektura kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z ijod namunalarini namoyish etdi.
Ko‘rgazmada Markaziy Osiyodan yagona hunarmand, O‘zbekiston vakili — buxorolik taniqli kulol Alisher Narzullayev uchun ajratilgan pavilyondan milliy sopolsozlik san’ati mahsulotlari — tovoq, ko‘za, piyola, kosa va boshqa jihozlar o‘rin oldi. Milliy buyumlar xorijlik ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Amaliy bezak san’ati yo‘nalishi qatnashchilari orasida O‘zbekistonning mahorat bilan ishlangan sopol buyumlari, ularda milliy an’analar ustuvorligi, ranglar uyg‘unligi, naqshlarning g‘oyat serjilo va nafisligi hakamlar hay’ati tomonidan yuksak baholandi. Alisher Narzullayev bosh mukofot — Gran-pri bilan taqdirlandi.
G‘ijduvonda bir paytlar mashhur bo‘lgan sopolsoz usta Ibodulla Narzullayevning farzandi Alisher sulolaning oltinchi avlod vakili sifatida kulolchilik san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. U Prezident sovrini uchun o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovida g‘alaba qozongan. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Sopolsozlikda o‘z yo‘li va uslubini yaratgan hunarmand Yaponiya, AQSh, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan nufuzli ko‘rgazmalarda o‘z asarlari bilan ishtirok etib, muntazam sovrindorlar qatoridan joy olgan.
G‘ijduvonda Narzullayevlar oilasi tomonidan sopolchilik haqida hikoya qiluvchi muzey tashkil etilgan.
Izoh (0)