Gollivud ijodkorlari Amir Temur haqida blokbaster suratga olishni rejalashtirmoqda. Film Rossiya va Amerika sarmoyadorlari tomonidan moliyalashtiriladi, deb xabar bermoqda Podrobno.uz.
“Hozirda biz Amir Temurdek tarixiy shaxs haqida yirik ko‘lamdagi film tayyorlayapmiz. U Gollivud mutaxassislari tomonidan yozilgan bo‘lib, o‘z ichiga qiziqarli syujet, kuchli xarakterlar va jiddiy dramani qamrab oladi”, — dedi kinokartina prodyuserlaridan biri Andrey Poklonskiy.
Mazkur loyiha bilan mashhur Gollivud prodyuseri Ralf Uinter (“X-odamlar”, “Maymunlar sayyorasi”, “Fantastik to‘rtlik”) qiziqib qolgan. Film Amir Temurning tug‘ilishi va Sohibqironga aylanishi tarixini yoritib berishi rejalashtirilmoqda. Amir Temurning rus yerlariga uyushtirgan safari filmning asosiy voqealari bo‘ladi.
Film ijodkorlari buyuk Sohibqiron rolini Xyu Jekmanga topshirmoqchi. Ayni damda kinokartina uchun amerikalik rejissor izlanmoqda.
Poklonskiy so‘zlariga ko‘ra, film Rossiya Madaniyat vazirligi va Kino jamg‘armasining moliyaviy ishtirokisiz suratga olinadi. Loyiha to‘laligicha Rossiyadagi xususiy mablag‘lar va Gollivud studiyalari tomonidan qoplanadi.
Film byudjeti va uni suratga olish ishlari qachon boshlanishi hozircha oshkor etilmadi.
Izoh (0)