Xitoyda o‘z lavozimlarida nomigagina turgan 162 ming nafar soxta amaldorlar ishdan bo‘shatildi, deb xabar bermoqda “TASS”. Davlat muassasalari va korxonalari rahbarlari bunday holatga yana yo‘l qo‘yilgan taqdirda byudjetdan moliyalashtirish to‘xtatilishi haqida ogohlantirildi.
“Jenmin Jibao” nashrining ma’lum qilishicha, so‘nggi o‘nyilliklarda Xitoyda o‘tkazilgan iqtisodiy islohotlar davomida davlat korxonalari va muassasalarida yoppasiga yangi bo‘limlar tuzilgan. Ko‘pincha rahbarlar bunday bo‘limlarga o‘z qarindoshlari va tanishlarini joylashtirib qo‘ygan. Ular ish joyiga deyarli kelmasa ham, maosh olgan va xizmat mashinasidan foydalangan. Soxta amaldorlar ishdan bo‘shatilgach, xizmat avtomobillari soni 120 mingga qisqargan.
Xitoyda korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi hokimiyatga 2012-yil so‘ngida “beshinchi avlod” deb atalayotgan rahbarlar kelishi bilan boshlangan. Xitoyning yangi yetakchisi Si Szinpin amaldorlardan qimmatbaho buyumlar, ko‘ngil ochish va xizmat safarlariga ketadigan xarajatlarni qisqartirishni talab qilib, qimmat sovg‘alar olishga cheklovlar qo‘ygan.
Izoh (0)