26-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan “Vatan” kinostudiyasida tasvirga olingan “Gumrohlar” badiiy filmining ommaviy axborot vositalari vakillari uchun premyeraoldi namoyishi hamda film ijodkorlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligi xabar bermoqda.
Mazkur film yoshlarning mafkuraviy immunitetini oshirish hamda turli g‘oyaviy tahdidlardan ogoh bo‘lishga chaqirish maqsadida yaratilgan bo‘lib, filmni tasvirga olish jarayonlari Andijon viloyatida, Turkiya hamda Amerika Qo‘shma Shtatlarida amalga oshirilgan.
Filmning ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Hilol Nasimov, postanovkachi operator Behzod Qodirov, postanovkachi rassom Alisher Umrzoqov, bastakor Xurshida Hasanova, ovoz operatori Abduqahhor Karimovdir. Filmda asosiy rollarni Mirza Azizov, Samandar Hamroqulov, Erkin Komilov, Xayrulla Sa’diyev, Baxtiyor Qosimov, Jamila G‘ofurova, Sayyora Yunusova, Shahlo Temirova ijro etgan.
“Gumrohlar” filmi o‘zbek xalqining osuda hayoti va taraqqiyotiga putur yetkazmoqchi bo‘lgan qabih kimsalarning kirdikorlarini fosh qilish maqsadida tasvirga olingan bo‘lib, film syujeti huquqni muhofaza qilish organlari to‘plagan hujjatlar asosida yaratilgan.
Film shahar kinoteatrlarida oktabr oyining boshlarida keng tomoshabinlar ommasi e’tiboriga havola etiladi.
Izoh (0)