Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yig‘ilishi uchun Nyu-Yorkka tashrif buyurgan AQSh prezidenti Barak Obama OAV va ijtimoiy tarmoqlarda “rasmiy etiketni bilmagani uchun” tanqidga uchradi. Bu haqda “Segodnya” nashri xabar bermoqda.
Nyu-Yorkka kelgan davlat rahbarini qarshilash uchun chiqqan dengiz piyoda askarlariga chest berayotganda Obamaning bir qo‘lida ichimlik quyilgan stakan bo‘lgan. OAVning ba’zi ma’lumotlariga qaraganda, bu ichimlik qahva bo‘lgan.
Ushbu holat bir zumda internet-memga aylandi. Twitter foydalanuvchilari bu voqeaga atab #LatteSalute xeshtegini o‘ylab topishdi.
Buyuk Britaniyaning Daily Mail nashri yozishicha, “stakan bilan berilgan” chest Obamaning faxriylar va harbiylar oldidagi hurmati tushishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bu holatni harbiy nizomni buzish sifatida ham talqin qilish mumkin. Washington Times muxbirlari esa prezident oddiy etiket qoidalarini tez-tez eslab turishi foydadan holi bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Amerikalik internet-foydalanuvchilar “qahvali salomlashuv”ni hazil bilan qabul qilgan. Oq uy akkauntidagi videoga izoh qoldirganlarning ko‘pchiligi esa tanqidchilarga bir oddiy holatdan mojaro chiqarish o‘rniga muhimroq siyosiy va iqtisodiy muammolarga e’tibor qaratishni maslahat bergan.
Izoh (0)