Hindistonning Magalayaan (Mars Orbiter Mission) kosmik apparati ilk urinishdayoq Mars orbitasiga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Narendra Modining chorshanba kuni Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkilotining Parvozlarni boshqarish markazida qilgan bayonotiga tayanib “Interfaks” xabar bermoqda.
Shunday qilib, Hindiston dastlabki urinishda Mars orbitasiga o‘z sun’iy yo‘ldoshini chiqara olgan ilk davlatga aylandi. G‘arb OAV vakillari xabarlariga ko‘ra, bungacha boshqa davlatlar jami 40 martadan ko‘proq Mars orbitasiga sun’iy yo‘ldosh chiqarishga harakat qilgan, lekin bu urinishlarning faqat 20 ga yaqinigina muvaffaqiyatli chiqqan.
2013-yil 5-noyabrda uchirilgan sun’iy yo‘ldosh Hindistonning boshqa sayyoralarga jo‘natgan ilk kosmik qurilmasi hisoblanadi. Uning vazifalariga Mars atmosferasi yuzasini va tarkibini o‘rganish, suratga olish, shuningdek, Marsga yangi parvozlar qilish uchun texnologiyalar ishlab chiqish kiradi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti 2017—2020-yillar orasida Marsga katta miqdordagi ilmiy uskunalar joylashtirilgan yangi kosmik apparat uchirishni rejalashtirgan.
Izoh (0)