Checheniston rahbari Ramzan Qodirov qisqa metrajli “Sehrli taroq” (“Volshebniy greben”) badiiy filmida bosh rolni ijro etdi. Bu haqda Qodirovning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasida qoldirgan axborotiga tayanib, “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
“Mualliflar va buyuk aktyorlar, Rossiya va Checheniston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan va xalq artistlari Dagun Omayev, Zulay Bagalova, Abdulmutelip Davletmirzayev, Hamid Azayev, Movsar Atayev, Uspa Zubayreva menga bosh rolni ishonib topshirdi. O‘nlab sovet va Rossiya filmlarida rol ijro etgan afsonaviy odamlar bilan birga suratga olish maydonida bo‘lish men uchun katta sharaf”, — deb ta’kidladi Ramzan Qodirov.
Checheniston rahbari film iliq kutib olingani, ijobiy fikrlar bildirilayotganini aytib, tanqidchilarga ham minnatdorlik bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kinofilm qisqa muddatda bitta kamera yordamida deyarli hech qanday moliyaviy xarajatlarsiz suratga olingan.
Ramzan Qodirov ssenariy muallifi Musa Ahmadov, rejissyor Xava Ahmadova, operator Zelemxan Gakayev va qator aktyorlarga minnatdorchilik bildirdi.
“Filmdagi muhim rollardan birini ijro etgan yosh artist Husayn Isxanovga alohida tashakkur aytaman. Bu tajriba unga tarixiy mavzudagi yangi filmlar ustida ish olib borishda asqotishiga ishonaman”, — deb qayd etdi Checheniston prezidenti.
Izoh (0)