2014-yil 4-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekdi. Mazkur hujjat asosida 9 ta Kodeks, 19 ta Qonun va 1 ta Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 11-dekabrda qabul qilingan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuniga blogerlar bilan bog‘liq qo‘shimchalar kiritildi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z saytida mazkur Qonun doirasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ba’zi savollarga javob berdi.
Qonunning “Asosiy tushunchalar” deb nomlangan 3-moddasiga “bloger” atamasiga izoh beruvchi norma qo‘shildi. Unga ko‘ra,
Bloger — Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs.Shuningdek, Qonunga quyidagi mazmundagi 12-1-modda (o‘n ikki prim birinchi) ham kiritildi:
12-1-modda. Hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish.
Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan:- O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish;
- urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;
- davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;
- milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;
- giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;
- pornografiyani targ‘ib qilish;
- qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan majburiyatlar veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger tomonidan bajarilmagan taqdirda mazkur veb-saytdan va (yoki) veb-sayt sahifasidan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan talablarni buzganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qonunga huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning sharhi
Mazkur Qonun doirasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ba’zi savollarga javob berib ketishga harakat qilaman.Qonun faqat .uz domenida joylashgan sayt yoki bloglarga taalluqlimi?
Yo‘q, unday emas. Qonunda “Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifa” deyilgan. Bu barcha domen zonalardagi saytlarga taalluqli, shu jumladan, mashhur blog platformalari hisoblangan Blogspot, LiveJournal, WordPress va h.k.lardagi sahifalarga ham.Qonun faqat O‘zbekiston hududida faoliyat yurituvchi blogerlarga taalluqlimi?
Yo‘q, unday emas. Qonunda hudud nazarda tutilmagan. Qonunda taqiqlangan axborotlar O‘zbekiston hududidan tashqarida blog yuritayotgan bloger tomonidan tarqatilsa ham, tegishli qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘laveradi.Qonun faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun amal qiladimi?
Qonunda blogerning fuqaroligi ko‘rsatilmagan. Unda “Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga axborot joylashtiruvchi jismoniy shaxs” deyilgan. Demak, uning fuqaroligi ahamiyatga ega emas. Agarda xorij fuqaroligiga ega bo‘lgan bloger tomonidan mazkur Qonunda taqiqlangan axborotlar kiritilsa va u O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zid bo‘lsa yoki O‘zbekistonga, uning fuqarolariga ziyon keltirsa, unda tegishli qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘laveradi.Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham bloger hisoblanadimi?
Bu biroz o‘ylantiradigan savol. Sababi Qonunda aynan mana shu masalaga oydinlik kiritilmagan.Lekin Qonun matnida “o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga ega jismoniy shaxs” deyilgan. Bu yerda veb-sayt tushunarli, ammo “veb-sayt sahifasi” deyilganda aynan nima nazarda tutilganligi noma’lum. Agarda ijtimoiy tarmoqlarni, aytaylik Facebook yoki Twitter`ni veb-sayt deb olsak, unda ochilgan profillarni veb-sayt sahifasi deb qabul qilsak, unda ijtimoiy tarmoqning barcha foydalanuvchilarini bloger sifatida e’tirof etish joiz bo‘ladi. Ya’ni ijtimoiy tarmoqda biron status, biron fotosurat qoldirgan va hamma erkin foydalanishi va muhokama qilishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtirgan har qanday jismoniy shaxs bloger maqomini oladi.
Ammo Qonun matni haqiqatdan shunday talqin qilinsa, unda blogerlikning asl mohiyatiga zid bo‘ladi. Aslida ijtimoiy tarmoqlarning har qanday foydalanuvchisi bloger sifatida e’tirof etilmasligi lozim.
Qonun qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi?
Deyarli hech qanday. Ta’kidlash joizki, Qonunga kiritilgan normalar ilgari ham qonunchiligimizda deyarli mavjud edi. Agar kengroq tahlil qilinsa, mazkur hujjat asosida qonunchiligimizga quyidagi o‘zgarishlar kiritildi:- “Bloger” degan atama rasman qo‘shildi;
- Axborotning to‘g‘riligini tekshirmasdan, boshqa manbaga havola bergan holda blogda istalgan axborotni tarqatishga cheklov qo‘yildi (shunga yaqinroq qoidalar avval ham mavjud edi).
Qonunga berilgan yuqoridagi sharhlar faqat subyektiv xarakterga ega bo‘lib, u mening shaxsiy fikrlarimdir. Berilgan fikrlarni rasmiy sharh sifatida qabul qilmasligingizni so‘rar edim, deya qo‘shimcha qildi huquqshunos.
Izoh (0)