Prezident Islom Karimov 18-iyul kuni poytaxtimizning ko‘hna Minor mavzesida barpo etilayotgan yangi muhtasham masjid binosida bo‘lib, qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“Yurtboshimizning g‘oya va takliflari asosida yaratilgan ushbu loyihada milliy me’morchiligimizning azaliy an’ana va uslublaridan foydalangan holda har jihatdan betakror, muazzam majmua barpo etish ko‘zda tutilgan”, — deyiladi xabarda.
Davlat rahbari bu yerda quruvchi va ustalarning faoliyati bilan tanishar ekan, amalga oshirilgan keng ko‘lamli qurilish va obodonchilik ishlari haqida fikr bildirdi, majmuani yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.
Islom Karimov mazkur qadamjo atrofida olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ham sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Har bir daraxt, har qaysi maydon, favvora va yo‘lak shaharsozlikning eng yuksak talablariga uyg‘un bo‘lishi zarurligini uqtirdi.
Hozirgi vaqtda ushbu hududdan oqib o‘tadigan Anhor va uning atrofidagi joylar obodonlashtirilib, poytaxt qiyofasiga alohida ko‘rk va chiroy bag‘ishlamoqda.
Izoh (0)