Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Malayziya “Boing”ining qulashi uchun javobgarlikni rossiyaparast ayirmachilarga yuklab, ularni “terrorchilar” deb atadi. Bu haqda Ukraina prezidentining rasmiy saytida e’lon qilingan ukrainaliklarga murojaatida so‘z boradi, deb xabar berdi “Kun”.
“Bugun terrorchilar bitta zarba bilan qariyb 300 kishini o‘ldirishdi. Ular orasida ayollar, bolalar, ko‘plab mamlakatlarning fuqarolari bor edi”, — degan Poroshenko halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Ukraina prezidenti aviahalokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tuzish, uning tarkibiga Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO), shuningdek, Gollandiya, Malayziya va AQSh mutaxassislarini jalb etish haqida ko‘rsatma berdi.
Ayni vaqtda, Poroshenko qulagan “Boing”ning qora qutilari Moskvaga topshirilishiga qarshi chiqdi. Uning fikricha, rossiyaparast ayirmachilar shu yo‘l bilan o‘z aybini yuvishga harakat qiladi.
Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Rossiyani agressiyada ayblab, uning butun hududi o‘qqa tutilayotgani va Ukraina samolyotlari urib tushirilayotganini ma’lum qildi.
“Bugun butun jahon agressorning asl basharasini ko‘rdi, chunki tinch samolyotni urib tushirish — butun jahonga qarshi qaratilgan xalqaro terrorchilik harakati hisoblanadi”, — dedi Ukraina yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, Donetsk viloyatida Malaysia Airlines samolyoti qulagani haqidagi axborot Toshkent vaqti bilan 20:00 atrofida paydo bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, halokat natijasida samolyot bortida bo‘lgan barcha 298 kishi halok bo‘lgan.
Avvalroq, yuz bergan voqeada Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainani ayblab chiqqandi.
Izoh (0)