Qamchiq dovonidan temiryo‘l tunnelini qurish bo‘yicha 455 million dollarlik shartnoma O‘zbekiston-Xitoy iqtisodiy hamkorligi doirasidagi eng yirik loyihaga aylandi.
Bu haqda China Railway Tunnel Group kompaniyasi rahbari o‘rinbosari, “Angren – Pop” temiryo‘l liniyasi loyihasi boshlig‘i Chjou Syaoguan Xitoyning “Jenmin Jibao” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozadi “Kun”.
“Bu ilk mustaqil xorijiy yirik loyiha, bundan tashqari, bu Xitoy tomonidan Markaziy Osiyoda qurilayotgan eng uzun temiryo‘l tunnelidir”, – dedi Chjou Syaoguan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha 2013-yil sentabrida start olgan bo‘lib, uch yil muddatga mo‘ljallangan va 2016-yil 1-avgust kuni foydalanishga topshirilishi kerak.
Qo‘shimcha sifatida, “Sinxua” axborot agentligi tomonidan Qamchiq dovonida xitoylik mutaxassislar tomonidan qazilayotgan tunnelning ilk suratlarini namoyish etildi.
Ma’lumot uchun, uzunligi 125 kilometr bo‘lgan “Angren – Pop” temiryo‘lining qurilishi yakuniga yetishi bilan O‘zbekistonning to‘laqonli ichki, qo‘shni mamlakatlarga bog‘liq bo‘lmagan temiryo‘l tizimi ishga tushib, O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysidagi uch viloyati mamlakatning qolgan qismi bilan temiryo‘l bilan bog‘lanadi.
Izoh (0)