Xitoyning CNTIC (Xitoy savdo-iqtisodiy hamkorlik korporatsiyasi) hamda Latviyaning Belam Riga kompaniyasi O‘zbekistonning janubidagi “Maroqand–Qarshi” temir yo‘lini elektrlashtirish uchun zarur uskunalarni yetkazib berish tenderida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda 10-iyul kuni “RIA Novosti”ga asoslanib, “Noviy Vek” xabar berdi.
Tender doirasida CNTIC transformator stansiyalari va kontakt tarmoqlarni, Belam Riga esa signalizatsiya, markazlashtirish va bloklash, telekommunikatsiya tizimlari va SCADA uskunalarini yetkazib beradi.
Mazkur boshlang‘ich qiymati 51 million AQSh dollari bo‘lgan tender “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK tomonidan 2013-yil aprel oyida e’lon qilingan edi. Tender g‘oliblari bilan shartnoma bir oy ichida imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston temir yo‘llari” 2012-yil yanvarida uzunligi 140,8 kilometrga teng bo‘lgan “Maroqand—Qarshi” uchastkasini elektrlashtirishni boshlagan edi. To‘rt yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha doirasida yangi “Toshg‘uzor—Boysun—Qumqo‘rg‘on” temiryo‘lida xizmat qiluvchi Qarshi lokomotiv deposini rekonstruksiya qilish ham ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)