Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhi sahifasida barchani adolat bilan ish yuritishga chorlovchi xabar paydo bo‘ldi. Xabar muallifi — Anton Kim Toshkentda faoliyat yurituvchi BM Store onlayn-do‘koni e’lon qilgan tanlovda g‘alaba qozondi. Biroq tanlovning g‘olibi 1-iyul 18:00 ga kelib o‘zgarib qolgan. Bu haqda iLike.uz blogi xabar berdi.
Anton bu bir xato degan umidda BM Store ma’muriyatiga o‘zining haqligini isbotlovchi skrinshotlarni jo‘natdi. Ma’muriyat bilan bir necha bor bahslashib, barcha dalillarni jo‘natishiga qaramay, Anton Kim bu muammoni hal qilish uchun BM Store’ning Dubaydagi ma’muriyati bilan bog‘lanishi haqidagi taklifni oldi.
Anton Kim xabarda BM Store tanlovlarida ishtirok etishdan foyda yo‘qligini barcha manbalarni ko‘rsatgan holda isbotlab bergan. Xabar “Potrebitel.uz” guruhiga joylashtirilishi bilanoq unga mutaxassislar, tanlov qatnashchilari va boshqa shaxslar izoh berdi. Ma’lum bo‘lishicha, BM Store avvalgi tanlov g‘oliblarini ham taqdirlamagan. Ayrim izohlardan kompaniya ma’muriyatining tanlovlarda “tanish-bilish” siyosatini yuritishi “fosh bo‘ldi”.
Shunga qaramay, BM Store sahifasida “yangi g‘olib” — Maksim Gajiyevni taqdirlash marosimidan lavhalar joylandi.
Rasmni ko‘rgan foydalanuvchilar tanlov nohaq yakunlangani, aslida Anton Kim g‘olib bo‘lgani haqidagi turlicha izohlarni qoldirmoqda.
Toshkent vaqti bilan 16:00da ma’lum bo‘lishicha, ushbu shov-shuvdan so‘ng BM Store Facebook'dagi 5000 dan ortiq a’zosi bo‘lgan o‘z sahifasini o‘chirib tashladi. Sahifaga kirishga uringanda BM Store sahifasi o‘rniga Facebook bosh sahifasi ochilmoqda.
Izoh (0)