Boshpanasiz nyu-yorkliklarning xitoylik milliarder Chen Guanbyao uyushtirgan tushlikdan ko‘ngillari to‘lmadi. Shahardagi Markaziy bog‘da uyushtirilgan ziyofatda va’da qilingan 300 dollar pul berilmadi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Tunets balig‘i va mol go‘shtidan iborat tushlik Markaziy bog‘ hududidagi restoranlardan birida bo‘lib o‘tdi. U tashkilotchilarga taxminan 40 ming dollarga tushdi. Xayriya lanchiga 200 dan oshiq boshpanasizlar tashrif buyurdi.
Ularni Chen Guanbyaoning o‘zi mashhur xitoycha qo‘shiq bilan kutib oldi va fokuslar ko‘rsatdi. Biroq avval va’da qilingan naqd pul tarqatilmadi.
Gap shundaki, Nyu-Yorkdagi uysizlarga boshpana beruvchi tashkilot milliarderni ularning ko‘plab mijozlari narkotik tobelikda ekani haqida ogohlantirgan va berilgan naqd pulni narkotiklar sotib olishga sarflashlari mumkinligini aytgan.
Endi Chen Nyu-Yorkdagi nochorlarga ko‘mak beruvchi tashkilotga 90 ming dollar topshirmoqchi, u qashshoqlarni o‘qitish va qayta tayyorlash dasturini amalga oshirishga sarflanadi.
Chen Guanbyao o‘z boyligiga qurilish chiqindilarini qayta ishlash orqali erishgan bo‘lib, u o‘zining g‘alati xatti-harakatlari bilan mashhurdir. 2008-yili u Sichuan ko‘chalarida zilziladan jabr ko‘rgan kishilarga pul ulashgan.
Bir necha yil avval biznesmen tortishuvlarga sabab bo‘lgan Dyaoyuydao orollarining Xitoyga tegishli ekanligini New York Times gazetasida “tantanali e’lon qilgan”. Shu bilan birga, biznesmen Amerikaning eng mashhur gazetalaridan biri bo‘lgan New York Times gazetasini sotib olishga ham qarshi emasligini aytib o‘tgan.
Izoh (0)