O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.
“Avvalo, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida jonkuyarlik va jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilayotgan siz, aziz jurnalistlar, radio va televideniye, nashriyot va matbaa sohasi xodimlariga o‘zimning chuqur hurmatimni bildirib, sizlarni bugungi kasb bayramingiz bilan millionlab muxlislaringiz, butun el-yurtimiz qatori chin qalbimdan tabriklashga ijozat bergaysiz”, – deya so‘z boshlagan davlat rahbari.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda 1400 ga yaqin ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning orasida an’anaviy axborot vositalari bo‘lmish gazeta-jurnallar, tele va radiokanallar bilan birga eng zamonaviy va ilg‘or media tarmoqlari – raqamli va mobil televideniye, internet-televideniye, internet-radio, umuman, internet jurnalistikasi milliy axborot maydonida tobora mustahkam o‘rin egallab bormoqda.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston telekanallarining dasturlari global tarmoq orqali real vaqt rejimida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida namoyish etilmoqda. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida keyingi paytda tashkil etilgan “Madaniyat va ma’rifat”, “Dunyo bo‘ylab”, “Bolajon” telekanallari qatorida “Diyor”, “Oilaviy”, “Kinoteatr”, “Navo” kabi yangi telekanallar xalqimizning ilmiy-ma’rifiy, ma’naviy-madaniy saviyasini yuksaltirish, mazmunli hordiq chiqarishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish yo‘lida o‘z faoliyatini takomillashtirib borayotgani e’tiborga loyiq.
“Birinchi navbatda ommaviy axborot vositalarining fidoyilari bo‘lgan, turli dolzarb masalalarni qalbidan, yuragidan o‘tkazib, bu sohaning boshqa tarmoqlardan kam bo‘lmasligi uchun doimo intilib yashaydigan siz, muhtaram jurnalistlar bir haqiqatni albatta yaxshi anglaysiz, deb ishonaman: bugungi kunda, ayni shu murakkab va qaltis zamonda dunyoda, yon-atrofimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni chuqur idrok etish, ularning tub mohiyatiga yetib borish uchun avvalo odamlarda mustaqil fikrlash va yana bir bor mustaqil fikrlashni shakllantirish talab qilinadi”, – deya ta’kidladi Islom Karimov.
Prezident bu vazifani amalga oshirish uchun mamlakat ommaviy axborot vositalarining xalqaro axborot maydoniga kirib borishi, dunyoda nom qozongan nufuzli mediakompaniyalar, chet ellardagi hamkasblari bilan samarali ijodiy aloqalar o‘rnatishi alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
“Haqiqatan ham, biz o‘z oldimizga rivojlangan demokratik davlatlar darajasiga ko‘tarilishdek yuksak maqsadni qo‘ygan ekanmiz, boshqa sohalar qatori axborot olamida ham ilgarilab ketgan davlatlardan o‘rganish, ayni shu asosda ommaviy axborot vositalari xodimlarining bilim va tajribasi, kasb mahoratini oshirishga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur”, – dedi davlat rahbari.
Ta’kidlash joiz, keyingi yillarda mamlakat ommaviy axborot vositalari xodimlaridan 600 nafardan ziyodi xorijiy davlatlarda malaka oshirib, tajriba almashib qaytgani albatta e’tiborga sazovordir.
Mamlakat ommaviy axborot vositalari xodimlarining jahon jurnalistikasining ilg‘or ish uslublari va yutuqlarini, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, xorijiy tillarni puxta egallashi uchun zarur ko‘mak va yordam berish, shu bilan birga, siz, hurmatli jurnalistlarning oldida paydo bo‘layotgan turli muammolarni birgalashib yechish uchun davlat tomonidan barcha chora va tadbirlar albatta ko‘riladi.
Prezident Islom Karimov o‘z tabrik so‘zini yakunlar ekan, jurnalistlarni yana bir bor bayram bilan qutlab, niyatlarini bildirdi: “Mana shunday o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni amalga oshirish yo‘lida barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, yangi omadlar tilayman”.
Izoh (0)