Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko mamlakat sharqida otishmalarni to‘xtatish rejimini muddatidan avval tugatishi mumkin. Bu haqda u harbiylar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deya xabar berdi Euronews.
Prezident matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Slavyansk ostonalarida Ukraina harbiy samolyoti ayirmachilar tomonidan urib tushirilganidan so‘ng Poroshenko bunday qarorga kelgan bo‘lishi mumkin. Halokat natijasida olti nafar harbiy va uch nafar ekipaj a’zosi qurbon bo‘ldi.
Kiyev prezidentning tinchlik rejasi e’lon qilinganidan buyon harbiylarga qarata 35 marta o‘t ochilganini ta’kidladi.
Vertolyotning urib tushirilgani haqidagi ma’lumotni ayirmachilar tasdiqlamadi, ammo ular ham Ukraina harbiylarining vaqtinchalik tuzilgan sulhga rioya qilmaganini aytdi.
“Donetsk xalq respublikasi” vakillarining ta’kidlashicha, Kiyev hukumati “kelishuvdan bo‘yin tovlab”, o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi rejim e’lon qilinganidan keyin ham Slavyansk ostonalaridagi Semyonovka qishlog‘ini o‘qqa tutgan, natijada besh kishi halok bo‘lgan.
Isyonchilar Donetsk aeroportidan shaharga qarab og‘ir bronetexnika kolonnasi kelgani, ularga qarshi jangovar xatti-harakat boshlashga majbur bo‘lib qolganlarini ham aytdi.
Ukraina sharqida tinchlik rejasini amalga oshirish bo‘yicha konsultatsiyalar 23-iyun kuni Donetskda bo‘lib o‘tdi. 20-iyun kuni prezident Poroshenkoning ukrain armiyasi tomonidan o‘t ochishning to‘xtatilishi haqidagi buyrug‘i kuchga kirgan edi. Hujjatda sulh 27-iyungacha davom etishi qayd qilingan. Biroq Ukraina harbiylariga hujum uyushtirilgan taqdirda, ular javob o‘tini ochishadi.
Isyonchilar ham 27-iyunga qadar otishmalarni to‘xtatib, jangovar faoliyat olib bormaslik majburiyatini olishgan.
Izoh (0)