2014-yil 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining ‘Jizzax politexnika instituti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida’ 2012-yil 29-iyundagi 187-son qaroriga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi. Qaror matni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi, deya huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z saytida xabar bergan.
Unga ko‘ra, Jizzax maxsus industrial zonasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadida Jizzax politexnika institutining tashkiliy tuzilmasiga o‘zgartirish kiritildi hamda yangi “Binolar va muhandislik inshootlari injineringi” fakulteti tashkil etilishi belgilandi.
Bungacha institutda ikkita fakultet mavjud bo‘lib, ular “Sanoat texnologiyalari” va “Avtotransport” fakultetlari edi. Hozircha, yangi tashkil qilingan fakultetga necha nafar talaba qabul qilinishi ma’lum qilinmagan.
DTM saytidagi ma’lumotlarga asoslanadigan bo‘lsak, 2013—2014 o‘quv yilida institutga jami 6546 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, shundan 1030 nafari talaba bo‘lish baxtiga musharraf bo‘lgan, — deya qo‘shimcha qiladi huquqshunos.
Izoh (0)