Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Quyoshli” bolalar dam olish maskanida iqtidorli o‘quvchilarning “Intellektual rivojlantirish oromgohi” birinchi navbatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zA.
Oromgohda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan bilimlar bellashuvida g‘olib bo‘lgan 520 nafar yosh o‘g‘il-qiz bosqichma-bosqich sog‘lomlashtiriladi.
– Mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilardan 300 nafari “Kasaba uyushmalari – bolalarga” aksiyasi doirasida bepul yo‘llanma bilan oromgohimizda hordiq chiqarmoqda, – deydi oromgoh rahbari Yo‘lchiboy Rahimjonov. – Kutubxona, ma’naviyat va kompyuter xonalari, xoreografiya va musiqa zallari, suzish havzalari, tennis, voleybol, futbol maydonchalari dam oluvchilar ixtiyorida.
Bu yilgi yozgi dam olish mavsumida mamlakatdagi 1 ming 85 bolalar dam olish maskanida qariyb 281 ming nafar o‘g‘il-qizning maroqli hordiq chiqarishi ko‘zda tutilgan. Mavsumning ilk navbatida yuz mingdan ziyod o‘quvchi maroqli dam olib, salomatligini tikladi.
Izoh (0)