Nigeriyada dinlararo qirg‘indan qochmoqchi bo‘lgan yuzdan oshiq ayollar va bolalar cho‘kib ketdi. “ITAR-TASS” xabar berishicha, fojia mamlakat sharqidagi Dampar qishlog‘ida ro‘y bergan.
Qishloqda musulmonlar va xristianlar o‘rtasida qonli urush yuzaga kelgan. Qishloq aholisining bir qismi kichik kemada daryoni kesib o‘tib qirg‘indan qochishga uringan. Biroq kema haydovchisini qirg‘oqdagilar otib tashlashgan, natijada kema boshqaruvni yo‘qotgan va ag‘anagan.
Nigeriya daryo politsiyasi voqea joyida qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bormoqda, biroq hozircha tirik kishi topilmagan. Qirg‘in davomida qishloqda yana 12 kishi halok bo‘lgan, ko‘p uylarga o‘t qo‘yilgan.
Mahalliy hukumat ehtimoliy yangi to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida Damparga harbiy xizmatchilar va politsiyadan iborat kuchaytirilgan qismlarni yubordi.
Izoh (0)