Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Oliy Radaga mamlakat tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Andrey Deshitsani lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi taklifni kiritdi. Qaror loyihasi 18-iyun, chorshanba kuni Oliy Rada saytida e’lon qilingan.
Bir vaqtning o‘zida Ukraina prezidenti mamlakatning Germaniyadagi elchisi vazifasida ishlayotgan Pavel Klimkinni tashqi ishlar vaziri etib tayinlashni taklif qilgan.
“Kun”ning qayd etishicha, Klimkinni tashqi ishlar vaziri etib tayinlash haqidagi tavsiya imzolab bo‘lingani haqidagi axborotlar TIVning hozirgi rahbari bilan bog‘liq mojaroli holatdan avval ma’lum bo‘lib ulgurgan edi.
14-iyun, shanba kuni Deshitsa Rossiyaning Kiyevdagi elchixonasi oldiga kelib, bu yerda norozilik namoyishi o‘tkazayotgan faollarga qo‘shilgan, ular bilan muloqot chog‘ida Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqida haqoratli qo‘shiq kuylab bergan edi.
Rasmiy Moskva ukrainalik vazirning bu xatti-harakatini keskin tanqid ostiga oldi. Xususan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ukrainalik hamkasbi odob-axloq chegarasidan chiqib ketganini qayd etib, endi u bilan ishlay olishini shubha ostiga olgan edi.
Izoh (0)