Garvard instituti olimlari infarktning oldini oluvchi vaksina yaratdi, deb xabar beradi “ITAR-TASS”, The Daily Telegraph ma’lumotlari asosida.
Bu kashfiyot inson jigaridagi gen — PCSK9 ga ta’sir ko‘rsatish texnologiyasiga asoslanadi. Chunki bu gen faoliyatining izdan chiqishi yurak qon-tomir tizimida xolesterinning oshib ketishiga olib keladi. Tomirlar ichki devorlarida ko‘p miqdorda xolesterin to‘planishi infark paydo bo‘lishi xavfini keltirib chiqaradi.
— Bizning muolajamiz genlarga ta’sir ko‘rsatish va shu orqali infarktning oldini olishni taklif etadi,— deydi tadqiqot guruhi rahbarlaridan biri, professor Kiran Musunuru. — Tadqiqotlarimiz sichqonlarda o‘tkazildi. Bir necha kun mobaynida ular qonidagi xolesterinni 40 foizgacha kamaytirishga erishdik. Bu vaksina infarkt kelib chiqishini 30—90 foizgacha kamaytirishga yordam beradi.
Ushbu vosita PCSK9 geni mutatsiyasining o‘ziga xos shaklini o‘rganish asosida yaratilgan. Mutantlashgan gen inson qonidagi xolesterinning kam miqdorda bo‘lishini ta‘minlaydi.
— Infarktning oldini olish mexanizmini tabiatning o‘zi boshqarib boradi, — deb ta’kidladi Garvard professori. — Shu bilan birga u hech qanday salbiy oqibatlarga olib kelmaydi.
Tadqiqotchilarning ma’lum qilishicha, infarktning oldini oluvchi vosita o‘n yillardan keyin ommaviy foydalanish uchun tayyor bo‘ladi.
Izoh (0)